Dahriyning ibodati (hikoya) Poshali Usmon tarjimasi

Institut ravnaqi uchun o'z hissasini qo'shgan ustozlar uchun bag'ishlanadi.

Dahriyning ibodati (hikoya) Poshali Usmon tarjimasi

Сообщение azamat » 15 фев 2017, 11:28

Fanni qimmatli fiziologik nazari bilan boyitgan, yoshligidayoq ma’rifat markazi — Parij tibbiyot kulliyotining shuhrati hisoblangan, Yevropa tibbiy xodimlarining ehtiromiga noil boʻlgan doktor Byanshon terapevt boʻlmasdan avval uzoq vaqt jarrohlik qilgan edi. Talabalik yillarida u dongʻi ketgan buyuk frantsuz jarrohlaridan biri, fanda iste’dodini chaqindek zuhur etgan Deplen rahbarligida ishlardi. Hatto Deplenning dushmanlari uning boshqa birovga meros qoldirish imkoniyati boʻlmagan usulini ham oʻzi bilan goʻrga olib ketdi, deb e’tirof etishardi. Chunki Deplen tabiatidagi hamma narsa shaxsiy xususiyatga asoslangan edi: undagi magʻrurlik hayotligidayoq yolgʻizlanib qolishiga sabab boʻlgandi, aynan shu magʻrurlik uning oʻlimidan keyingi shuhratini soʻndirgan edi. Uning qabri uzra kelajak avlodga fidoiy dahoning izlanishlari natijasida kashf etilgan sir-asrorlardan voqif etuvchi dabdabali haykal yoʻq. Balki, Deplenning iste’dodi uning e’tiqodiga mos kelgandir, shuning uchun ham u foniy boʻlgandir.

Deplenning nazdida zaminiy muhit oʻzida hayot vujudga keltiradigan boʻshliq boʻlib, yer esa poʻstiga burkangan tuxumga oʻxshash narsa, shu boisdan u «avval tovuq paydo boʻlganmi yoki tuxum?», degan savolga javob berish imkoniyatiga ega boʻlmasligi uchun tovuqni ham, tuxumni ham inkor etgan. U ibtidoiy tiriklik olamining yaratilishiga ham, inson jonining oʻlmasligiga ham ishonmasdi. Deplen shubhalanmasdi, inkor qilardi. Bu koʻp olimlarga xos boʻlgan oshkora, kunday ravshan boʻlgan dahriylik edi: bular ajoyib kishilardir, lekin ular butun vujudi bilan dahriy boʻlib, dahriylikni dindor kayfiyatdagi kishilar qanday e’tiqod bilan rad etsalar, ular ham shunday targʻib etuvchilardir. Deplenda boshqacha e’tiqodlarning tarkib topishi ham mumkin emasdi: axir u yoshligidan tiriklik olamining gultoji boʻlmish odamni dunyoga kelguncha ham, hayot paytida ham, oʻlgandan soʻng ham, oʻz tigʻi bilan yorgan, uning butun a’zoi badanini miridan sirigacha sinchiklab oʻrgangan edi, uning biror joyida ham diniy ta’limotlar uchun juda vojib boʻlgan oʻsha «vohid jon» degan narsani uchratmagandi. Kishi uzviyati (organizmi)dagi miya, asab, nafas olish — qon yurishi kabi uchta markazni, ulardan miya va asab bir-birining oʻrnini bosa olish qobiliyatiga molikligini bilib olgach, Deplen hatto umrining soʻnggida koʻrmoq va eshitmoq uchun koʻz va quloqning boʻlishi mutlaqo zarur emas, degan xulosaga keldi: ularning oʻrnini soʻzsiz quyosh oʻrilmasi[1] bosadi. Shu tarzda inson uzviyatida ikkita jon topgach, garchi, bu dalil bilan Xudo haqidagi masalaga tegib ketmasa-da, Deplen bunda oʻzining dahriyona qarashlarining isbotini koʻrdi. Aytishlaricha, mashhur jarroh yoʻl qoʻygan xatolari uchun sira pushaymon qilmasdan oʻlgan ekan, taassufki, daholarning koʻpchiligi shunday olamdan oʻtishgan.

Deplen shuhratini xiralashtirishga uringan dushmanlari bu yirik olim koʻp sohada bachkanalik qiladi, deyishardi. Uning tashqi tartibotidagi ziddiyatlarni bachkanalikka yoʻyardilar. Hasadgoʻy va kaltafahmlar buyuk aql egalarining qanday maqsadlar bilan ijod qilayotganini tushunib yetmaydilar; shuning uchun ham ular ana shunday yuzaki ziddiyatlarni koʻrib qolsalar, bas, darhol oʻshalarga yopishib olishadi-da, ular asosida aybnoma tuzadilar va aybdorni qoralayveradilar. Shuncha ta’nayu malomatlarga sabab boʻlgan komronlik uddaburonlikni oqlayversin, vosita va maqsad muvofiqligini kashf etaversin, lekin boʻhtonlar bilan yuz bergan nizoli toʻqnashuvlar asoratsiz qolmaydi. Bizning davrimizda Napoleonni oʻz burgutini Angliya uzra parvoz qildirgani uchun qoralagan edilar: 1822 yilgina bizga 1804 yilning va Bulon desantlar kemasining mohiyatini ravshanlashtirdi.

Deplenning shuhrati va bilimi gʻoyat ustuvor edi, binobarin, dushmanlari uning xulqidagi gʻayritabiiylikni nishonga olgan edilar. Darvoqe, Deplenda inglizlar shunchaki ekstsentrizm (gʻaroyiblik) deb ataydigan xususiyat bor edi, xolos. U goh fojianavis Krebilondek bashang, goh beparvolarcha kiyinar, bir qarasangiz izvoshda, bir qarasangiz piyoda yurardi. U gohida choʻrtkesar, ba’zan ochkoʻz, moʻmin-qobil, ayrim hollarda esa xasis ham edi, ammo ayni zamonda oʻziga ehtirom koʻrsatib, sal vaqtda yordam qoʻlini choʻzgan quvgʻindi hokimlarga oʻz bisotini taqdim etishga tayyor boʻlib, hech kimga xos boʻlmagan, eng ziddiyatli xulosalarga sabab boʻlardi. Toʻgʻrisi, qandaydir qora orden tasmasini qoʻlga kiritish payiga tushish unga — shifokorga munosib emas, bundan tashqari, saroyda choʻntagidan duolar kitobini tushurib yuborishga ham jur’at etgan, lekin amin boʻlingki, u hayotda hamma narsa ustidan xufiyona kulardi. Deplen kishilarning yuzaki yaltiroqligini ham hech bir mubolagʻasiz kuzatish imkoniyatiga ega edi. U odamlarni hayotda qanday boʻlsa, shunday, ya’ni eng tantanali va eng odatdagi vaziyatlarda koʻrardi. U johil odamlarni oʻlguday yomon koʻrardi. Ulugʻ kishining ma’naviy xislatlari koʻp hollarda bir-biriga muvofiq tarzda namoyon boʻladi. Bordi-yu, bu buyuk namoyandalarning birortasida aqldan koʻra iste’dod ustun boʻlsa, u baribir oddiygina «bu odam zakovatli» deyilgan kishiga nisbatan aqlliroqdir. Zakovatlilik botiniy koʻrish qobiliyatiga tayanadi. Bunday koʻrish qobiliyati muayyan bir sohani bilish bilan chegaralangan boʻlishi ham mumkin: lekin gulni koʻrgan kishi quyoshni ham koʻradi. Kunlarning birida oʻzi tomonidan xalos etilgan diplomatning ogʻzidan: «Imperatorning salomatligi qalay?» degan savoliga, Deplen: «Saroy a’yoniga jon kirdi, odamga ham jon kirdi», deb javob bergandi. Shunday fikr bildirgan kishi faqat jarroh yoki faqat shifokorgina emas, balki katta aql egasi hamdir. Ana shuning uchun insonga xos narsani sabr-toqat bilan sinchiklab qarashga odatlangan kuzatuvchi uning oʻzini hammadan yuqori qoʻyishini kechiradi va buyuk jarrohdan uning oʻzi bunga ishongandek, buyuk ministr chiqishi mumkinligiga ham ishonadi.

Deplenning hayotida zamondoshlari kuzatib yurgan bir qator jumboqlardan eng qizigʻini tanladik: hikoyamizning soʻnggida uning yechimi beriladi, xuddi shu yechim Deplen xotirasini uning ba’zi bir bema’ni gunohlardan soqit qiladi.

Oras Byanshon Deplenning suyukli shogirdlaridan biri edi. Otel-De shifoxonasiga kirishdan avval Oras Byanshon tibbiyot talabasi sifatida Lotin mahallasidagi «Voqe uyi» nomi bilan mashhur boʻlgan pansionda faqirona hayot kechirardi. Shoʻrlik yigit u yerda ogʻir muhtojlikning azob-uqubatlarini boshidan oʻtkazardi, lekin qudratli iste’dod sohiblari hayot doshqozonidan musaffo va mustahkam olmos yangligʻ har qanday zarbaga bardosh beradigan boʻlib chiqishi lozim edi. Ular ehtiroslarining shiddat ila lovullayotgan alangasida obdon chiniqib, oʻz ishlariga vijdonan beriladilar, oʻzlarining aldangan hirslarini muttasil mehnat pardasiga burkab, dastavval daholar qismatini belgilaydigan oʻsha kurashga koʻnikib ketadilar. Oras rostgoʻy odam boʻlib, vijdon, or-nomus bobidagi murosalardan hazar qilar, va’dabozlik emas, balki amaliy ishni ma’qul koʻrardi, u doʻsti uchun soʻnggi yopingʻichini ham ayamaydigan, uning uchun vaqti va shirin uyqusidan kechadigan kishilardan edi. Muxtasar qilib aytganda, u berganining evaziga qancha olarkan deb oʻylaydigan doʻstlardan emasdi, zero ularni oʻzlari berganiga nisbatan koʻproq olishga ishonchi komil edi. Oras doʻstlarining koʻpchiligi unga nisbatan soxtalikdan xoli boʻlgan botiniy ehtiromini bajo keltirardi, lekin ularning ba’zi-birlari uni ayblashdan hayiqardilar. Ammo, Oras oʻz vazifalarini ozgina boʻlsa-da, bachkanalikka yoʻl qoʻymasdan namoyon etardi. Uning puritanizm (sipolik) yoki va’zgoʻylikka mutlaqo hushi yoʻq edi: maslahat berarkan, uni tumtaroq soʻzlar bilan muzayyan etar, kezi kelganda ichish va tamaddi qilishni ham doʻndirardi.

Quvnoq ulfat, sovut kiygan askardek, uncha rasmiyatparast ham emas, rostgoʻylik va ochiqlikda dengizchiga oʻxshamaydi, chunki hozir dengizchilar — ayyor diplomatlarning naqd oʻzi, oʻz hayotida odamlardan hech narsani sir tutmaydigan yoqimtoy bu yigit esa koʻzlaridan kulgu, boshini baland koʻtargan holda olgʻa qarab bormoqda edi. Agar buni bir soʻz bilan ifodalamoqchi boʻlsak: u koʻplab Oraslar uchun Pilad[2] edi, axir, bizning davrimizda qadimgi qasoskor ilohalarni oʻzlarida chinakam mujassam etgan kishilar nasiya beruvchilardir. Oras oʻz qashshoqligi ustidan jasoratning asosiy belgilaridan biri boʻlgan koʻtarinki ruh bilan gʻolib kelardi, u hech narsasi yoʻq kishilar singari boshqalardan qariyb hech qachon qarz olmasdi. U tuyaday sabr-qanoatli, ohuday chaqqon boʻlib, oʻzining qat’iy e’tiqodliligi va jiddiyligi bilan oʻzgalardan ajralib turardi. Mashhur jarroh doktor Oras Byanshonni doʻstlari uchun yanada qadrdon qilgan oʻsha fazilatlari va nuqsonlarini bilib olganda Orasning hayotida baxtli davr boshlanayotgan edi. Klinikaning bosh shifokori yosh yigitni oʻz homiyligiga olarkan, demak, yosh yigitning mansabi ta’minlangan deyavering. Odatda Deplen shifokor sifatida boy xonadonlarga tashrif buyurganida Byanshonni oʻzi bilan birga olib borardi. Bu qishloqi yigitning tobora Parij hayotining sir-asroridan voqif boʻlib borishidan tashqari, bunday tashrif paytlarida tushgan mablagʻning muayyan bir qismi ham odatda assistentga tegardi. Deplen bemorlarni uyida qabul qilgan vaqtida ham assistenti Byanshonning yordamiga tayanardi, u ba’zi bir bemorni mineral suvga olib borishni gohida unga topshirardi, qisqasi, u Byanshonga mijozlar tayyorlardi.

Oqibatda sal muddat oʻtgach, mustabid jarroh yonida Zayd[3] paydo boʻlgandi. Biri sha’n va bilim choʻqqisini zabt etgan, katta boylik va shuhratga erishgan, boshqasi na boy va na mashhur. Parij osmonida zoʻrgʻa miltillagan bu ikki kishi bir-biriga yaqin boʻlib qolishdi.

Buyuk Deplen oʻz assistenti Byanshondan hech narsani yashirmasdi. Ustozi yonidagi oʻrindiqda yoki Deplenning xonasidagi mashhur divanda qandaydir ayolning oʻtirgan-oʻtirmaganligi ham Byanshonga ma’lum edi: Byanshon oʻzida sherga xos gʻayratlilik, hoʻkizga xos kuchlilikni mujassamlashtirgan bu mijoz sohibining, uning oʻlimiga sabab boʻlgan (Deplen yurak xurujidan oʻlgan), koʻksini haddan tashqari keng ochgan buyuk inson mijozining barcha tilsimotidan ogoh edi. Assistent bu bagʻoyat zahmatkash zotning hulq-atvoridagi gʻalati odatlarni, arzimas boyligini, bu ilm sohibida mujassam boʻlgan sayohatchining pinhoniy umidlarini oʻrganib oldi va shu bilan birga Deplenni asfalasofilinga joʻnatadigan, faqat uning yuragi dosh beradigan tuygʻuni oldindan koʻra bildi, chunki har holda u choʻyandan boʻlmasdan, balki tashqi tomondan choʻyanga oʻxshardi, xolos.

Bir kuni Byanshon Deplenga Sen-Jak mahallasida yashovchi bechora meshkobchining toliqish va muhtojlikdan ogʻir kasallikka chalinganini hikoya qilib berdi: ma’lum boʻlishicha, shoʻrlik overnalik 1821 yilning uzoq choʻzilgan qishini faqat kartoshka yeyish bilan oʻtkazgan. Deplen oʻzining barcha bemorlarini tashlab, Byanshon bilan birga otini holdan toydirgudek choptirib, Sen-Denida mashhur Dyubua tomonidan ochilgan shifoxonagacha yetib keldi. Deplen overnalikni davoladi, u tuzalib ketgach, Deplen unga ot va bochkalar sotib olish uchun pul berdi. Keyinchalik oʻsha overnalik oʻzining bir xususiyati bilan oʻzini koʻrsatgan edi. Uning doʻstlaridan biri ogʻrib qolganida, overnalik uni darhol Deplenning huzuriga boshlab keldi va oʻz xaloskoriga dedi:
— Uning boshqa birovga murojaat qilishiga sira-sira toqat qilolmagan boʻlardim.

Deplen oʻzining qoʻrsligiga qaramasdan, overnalikning qoʻlini siqarkan, unga dedi:
— Ularning hammasini oldimga boshlab kelaver.

U kantallikni[4] Otel-De kilinikasiga qabul qildi va unga nisbatan katta gʻamxoʻrlik koʻrsatdi. Byanshon oʻz ustozining overnalik meshkobchilarga boʻlgan xayrixohligini bir necha bor koʻrgan edi. Lekin, Deplenning Otel-De klinikasidagi ishi oʻziga xos gʻurur manbai boʻlganligi tufayli assistenti uning hulqidan gʻayriodatiy hech narsa sezmasdi.

Bir kuni ertalab soat toʻqqizlarda Byanshon avliyo Sulpitsiy maydonidan oʻtib borarkan, ustozini koʻrib qoldi. Deplen oʻsha maydon nomidagi cherkovga kirib ketayotgan edi. Hamisha kabriolet (ikki gʻildirakli yengil arava)dan foydalanadi Deplen bu gal negadir yayov kelib, cherkovga Pti-Lion koʻchasidagi eshikdan, goʻyoki shubhali bir uyga kirayotgandek, oʻgʻrincha kirib ketdi. Ustozining e’tiqodini, uning moddiyunligini, soʻzida qat’iy turishini bilgan shogirdning ajablanishi oʻrinli edi, u koʻrinmaslikka harakat qilib, oʻzini cherkovga urdi va hayratga sazovor manzaraning guvohi boʻldi: buyuk Deplen — ushbu dahriy, jarroh tigʻini oʻzlariga yaqin yoʻlatmaydigan farishtalarni beshafqat haqoratlaydigan bu bebok masxaraboz shikastanafs bir alpozda tiz choʻkib turardi... tagʻin qaerda deng? Bibi Maryam butxonasida! U oʻsha yerda ibodat bajo keltirar, yoʻqsil-bechoralarga xayru ehson ulashardi, uning bu amalida soxtalikdan nom-nishon koʻrinmayotgandi.

«Turgan gapki, u cherkovga Bibi Maryamning koʻzi yorishiga doir masalani oydinlashtirish uchun kirgan emas, — Oʻyladi ajablangancha Byanshon. — Basharti men uning Vujud-ul-iloh hayitida serhasham oʻrtukning biror shokilasidan tutib turganini koʻrsaydim, bu kulgili boʻlur edi, xolos. Ammo shu topda cherkovda uni tanho oʻzini guvohlarsiz koʻrish chindan ham ajab-da!»

Uni birov Otel-De klinikasi bosh jarrohi ortidan poylab yuribdi, deb oʻylamasin deya Byanshon iziga qaytib ketdi. Tasodifan oʻsha kuniyoq Deplen uni restoranga tushlikka taklif etdi. Tushlik oxirida Byanshon suhbatni ustalik bilan ibodatga burarkan, uni riyokorlik deb atadi.
— Ha, bu riyokorlik nasroniylik dunyosi uchun Napoleonning barcha zuluklari soʻrgan qonlaridan ham qimmatga tushadi, — dedi Deplen.
— Ibodat bu papaning ixtirosi boʻlib, oltinchi asrdan buyon mavjud; uning zamirida: «Ushbu mening vujudim erur» soʻzlari yotadi. Uch yuz yil mobaynida cherkovga qarshi fitna uyushtirib kelgan bid’atchilar ustidan qozonilgan gʻalabani nishonlamoqchi boʻlgan papa taxti muqaddas in’omlarni toʻgʻri taqdim etish borasida dovlashib, Vujud-ul-iloh marosimini joriy etish jarayonida ozmuncha qon toʻkishga toʻgʻri keldimi. Papa joriy qilgan yangi tartib Tuluza grafi bilan albigoychilar oʻrtasida urushlar kelib chiqishiga sabab boʻldi: valdenslilar va albigoychilar uni e’tirof etishni xohlamasdilar.

Shunda Deplen dahriylarga xos piching qilarkan, uning ogʻzidan volterona istehzolar yomgʻirday yogʻilardi: ochigʻini aytganda, bu «Sitator»ga[5] boʻlgan bir xunuk taqlid edi.

«Yo ajabo, nima boʻlyapti oʻzi? — Oʻylardi Byanshon. — Ertalab koʻrgan xudojoʻy qani?»

U Deplenga hech narsa demadi, uni chindan ham avliyo Sulpitsiy cherkovida koʻrdimmi deya shubhalandi. Deplen Byanshonni aldamasa kerak: ular bir-birini juda yaxshi bilishadi, ular qancha-qancha muhim muammolar haqida necha bor fikr almashishgan, «narsalar tabiati haqida» talqin etadiga turfa tizimlarni muhokama qilishgan. Uch oy oʻtdi. Byanshonning xotirasiga mahkam oʻrnashib qolgan boʻlsa-da, u boshqa bu mavzuga qaytmadi. Oʻsha yilning oʻzida bir kun Otel-De klinikasining shifokorlaridan biri Byanshonning oldida savol bermoqchi boʻlgandek Deplenning qoʻlidan ushladi:
— Ayting-chi, muhtaram ustoz, nechun avliyo Sulpitsiy cherkoviga kirgandingiz?
— Men bemor ruhoniyning huzuriga kirgandim, uning tizza qopqogʻida yiringli yalligʻlanish paydo boʻlgan, — javob qaytardi Deplen, — Gertsoginya Angulemskaya menga hurmat bajo keltirib, uni davolashni oʻz zimmamga olishimni iltimos qildi.

Hujum qaytarildi. Berilgan izoh shifokorni qanoatlantirgan boʻlsa-da, ammo Byanshon ishonqiramadi.

«Hali shunaqami! U cherkovga bemor tizzalarini davolash uchun borarmish!» — dedi shogird oʻz-oʻziga.

Byanshon Deplenning orqasidan kuzatib yurishga qaror qildi; u Deplenning avliyo Sulpitsiy cherkoviga qaysi kun va soatda kirganini esladi va bir yildan soʻng xuddi shu paytda uning tagʻin cherkovga kelish-kelmasligini tekshirib koʻrish uchun aynan shu vaqtda kelishga qaror qildi. Haqiqatdan ham, Deplen kelib tursaydi, cherkovga bu taxlit muntazam qatnashi muayyan holni ilmiy tadqiq qilish uchun asos boʻlur edi, zero bunday kishining tafakkuri va harakati oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri ziddiyat boʻlishi mumkin emasdi. Kelgusi yili aynan shu kun va shu shu soatda, Byanshon oʻshanda Deplenning assistenti emasdi, jarrohning kabrioleti Turnon va Pti-Lion koʻchasi muyulishida toʻxtaganini hamda oʻz kabrioletidan tushib, iezuitlarga xos ehtiyotkorlik bilan cherkov tomonga yoʻnalganini, soʻngra Bibi Maryam mehrobi oldida yana ibodat bajo keltirayotganini oʻz koʻzi bilan koʻrdi. Bu Deplen edi, ha, shaxsan oʻzi! Bosh jarroh, qalban dahriy, tasodifan xudojoʻy. Ahvol jiddiy tus olmoqda edi, mashhur olimning qaysarligi hamma narsani ostin-ustin qilib yubordi. Deplen ketgach, Byanshon cherkov anjomlarini yigʻishtirayotgan ridoxona boshligʻi oldiga kelib, undan xozirgina chiqib ketgan janob cherkovga muntazam ravishda kelib turadiganlardanmi, deb soʻradi.
— Mana, yigirma yildirki, shu yerda ibodat qilaman, — deya javob berdi ridoxona boshligʻi, — ana shu ibodatga janob Deplen bir yilda toʻrt bor keladi, bu uning buyurtmasi bilan bajo keltiriladi.

«Deplen buyurtma qilgan ibodat! — Oʻyladi ketayotib Byanshon. — Bu (bir hisobda) muayyan darajada er koʻrmagan ayolning homilador boʻlishiday muhim gap, har qanday shifokorni shakkokka aylantirish uchun shu sirni bilib olish kifoya».

Vaqt oʻtmoqda edi. Garchi doktor Byanshon Deplenning doʻsti boʻlsa-da, ammo uning hayotining oʻziga xos xususiyati haqida gaplashishga sira qulay fursat topolmas edi. Odatda, ular tabobat yoki kiborlarga xos boʻlgan bir vaziyatda uchrashardilar; lekin, bunday vaziyatda doʻstlar yumshoq oʻrindiqqa yastanib, kamin oldida oyoqlarini isitayotib, bir-birlariga oʻz sirlarini oshkor etgan samimiy suhbatlarga imkoniyat boʻlmaydi, albatta. Nihoyat, oradan yetti yil oʻtgach, olomon arxiepiskop borgohini tor-mor etgan, 1830 yil inqilobidan soʻng uning respublikachilar tashviqoti ta’siri ostida koʻz ilgʻamas son-sanoqsiz uylar uzra yaltiragan yashindek zarhallangan saliblarini mahv etganida, koʻchalarda shakkoklik va isyon hukm surganda Byanshon Deplenni tagʻin oʻsha avliyo Sulpitsiy cherkoviga kirayotganda tasodifan koʻrib qoldi. Uning ortidan kirib, u bilan yonma-yon turib oldi. Doʻsti zigʻircha boʻlsa-da, hayratlanmadi, qiyofasida hatto hayrat alomati sezilmadi. Deplen buyurtma qilgan ibodatni ikkalasi bajo keltirishdi.
— Taqvodorona munofiqligingizning sababini bayon etolmaysizmi, doʻstim? — soʻradi Byanshon Deplendan ular cherkovdan chiqqanlarida. — Men sizni, ha, sizni bu yerda ibodat chogʻida uch bor koʻrganman! Siz bu sirni menga oshkor etishingiz, sizning e’tiqodingiz va axloqingiz oʻrtasidagi oshkora ziddiyatni izohlab bermogʻingiz lozim. Siz xudoga ishonmaysiz, ayni paytda ibodatga kelib turasiz! Qadrdon ustoz, lutfan javob bersangiz.
— Men sirtdan oʻta dindor odam boʻlib koʻringanim bilan, haqiqatda esa sizning oʻzingizga oʻxshagan dahriyman.

Shunda Deplen Moler «Tartyuf»ining yangi noshiri singari siyosiy arboblarni haqoratlab, rosa pichinglar yogʻdirdi.
— Men sizdan bu haqda soʻrayotganim yoʻq, — dedi Byanshon. — Men sizning nega bu yerga kelganingizni va nima sababdan ibodat buyurtma qilganingizni bilmoqchiman.
— Xoʻp, aziz doʻstim, — dedi Deplen. — Mening bir oyogʻim toʻrda, bir oyogʻim goʻrda, binobarin, men endi hayotimni qanday boshlaganimni sizga hikoya qilib berishim mumkin.

Byanshon va oʻsha ulugʻ inson shu daqiqada Girdibod koʻchasi yoxud Parijning eng jirkanch koʻchalaridan birida edi. Deplen Byanshonga darvozadan aylana zinagacha uzun yoʻlak orqali kiriladigan haykalni eslatuvchi oʻsha uylardan birining yettinchi qavatini koʻrsatdi; odatda oʻsha pastak derazalar zinani zoʻrgʻa yoritar, darhaqiqat, qoqilib-suqilib yashovchilarning haqoratlariga beparvo edi. Bu uy yashil tusli edi; birinchi qavatlarda mebel sotuvchi savdogar yashardi, qolgan qavatlarda turfa qashshoqlar kun kechirardi. Deplen qoʻlini keskin baland koʻtararkan, Byanshonga dedi:
— Men oʻsha yerda, balandda ikki yil yashaganman.
— Bilaman d’Artez ham oʻsha yerda turardi. Men ilk yoshligimda u yerda qariyb har kuni boʻlardim. Bizlar bu boloxonani «daholar qiyomiga yetadigan banka» deb atar edik.
— Xoʻsh keyin-chi?
— Hozir ikkalamiz tinglagan ibodat hayotimdagi ayrim hodisalar bilan bogʻliq. Ular oʻsha, siz aytgandek, d’Artez yashagan boloxonada oʻtkazgan vaqtimga toʻgʻri keladi; huv anavi, tepasida koʻylak osilgan, gullar solingan tuvak turgan joy. Qadrdon Byanshon, Parij qiyin sharoitda yashashga bardosh berishga majbur etdi. Men ochlik, yupunlik, yalangoyoqlik, pulsizlik — qisqasi, shafqatsiz muhtojlikni boshdan kechirganman. Ana shu «daholarni qiyomiga yetkazadigan banka»da choʻpday qotib qolgan barmoqlarimni nafasim bilan zoʻrgʻa ilitardim, oʻsha tomonga siz bilan birga ham bir nazar tashlagim kelib ketdi. Qish shunday dahshatli keldiki, ishlayotganimda boshim uzra koʻtarilayogan bugʻni, sovuq paytlarda otlardan koʻtarilayotgan bugʻdek sezilarli darajada chiqib turgan nafasimni koʻrardim. Shunday hayot bilan kurashish uchun tayanchni qaydan topishni ham bilmaysan kishi. Men yolgʻiz edim, koʻmaklashadigan hech kimsam yoʻq, kitob sotib olish va tibbiyotdan olayotgan sabogʻim uchun toʻlashga bisotimda bir su[6] ham yoʻq edi. Qiziqqonlik, shakkoklik va tinib-tinchimaslik xususiyatiga molik boʻlganligim uchun doʻstlarim ham yoʻq edi. Mening serzardaligim turmush mashaqqatlari va me’yoridan ortiq mehnat qilganligim bilan izohlanishini hech kim tan olmasdi: axir, men ijtimoiy hayotning eng quyi qatlamida edim, lekin uning ustki qatlamiga chiqishni xohlar edim. Shunga qaramasdan, sizdan yashiradigan sirim yoʻq, sizning oldingizda riyokorlik qilishning ham aslo hojati yoʻq, men muhtojlik botqogʻiga botib, uzoq vaqt tentirab yurgan boʻlsam-da, har qanday choʻqqiga koʻtarila oladigan iqtidorli kishilarga xos boʻlgan mehribonlik va oʻsha ezgu his-tuygʻularni qalbim toʻrida asrab keldim. Men olayotgan arzimas nafaqamdan boshqa narsani na qarindoshlarimdan, na jonajon shahrimdan kutishim mumkin edi. Men oʻshanda nonushta uchun qotib qolgan nonni (u yangisiga koʻra arzonga tushardi) Pti-Lon koʻchasidagi novvoydan sotib olar va sutga solib ivitar edim: shunday qilib ertalabki yemagim ikki suga tushar edi. Pansionda qiladigan tushligim kun osha boʻlib, u 16 su turardi. Shu zaylda har kuni oʻn su xarajat qilardim. Engil-bosh va poyabzalga qanchalik ahamiyat berganligim oʻzingizga ravshan. Bilmadim, keyinchalik u yoki bu hamkasbimizning xiyonatkorona harakatlarini koʻrganda boshdan kechirganimiz ranju alamni titilib ketayotgan boshmogʻimizning ustimizdan makkorona iljayishini koʻrib qolganimizda yoki syurtugumizning qoʻltiqdan chok-chokidan ketishi quloqqa chalinganda boshdan kechirgan ranju alam bilan qiyoslasa boʻlarmikan?

Men faqat suv ichardim, ammo ayni zamonda Parij qahvaxonalariga boʻlgan hurmatim gʻoyat baland edi. Faqat Lotin mahallasining Lukullarigina kirishi mumkin boʻlgan Soppi qahvaxonasi menga nimasi bilandir jannatmakon tuyulardi. «Nahotki, biror kun menga ham oʻsha yerda bir finjon qaymoqli qahva ichish va bir qur domino oʻynash nasib etadi?» — uylardim men. Muhtojlik tugʻdirgan oʻzimdagi gʻazabni men mehnatga almashtirdim. Oʻz qadrimni oshirish va jamiyatda egallamoqchi boʻlgan oʻrnimga munosib boʻlish maqsadida men imkoni boricha chuqur bilim olishga harakat qildim. Yegan nonimdan koʻra yoqqan lampa yogʻi koʻproq boʻlgan: tunlarni oqartirib mehnat qilgan paytimda koʻz oʻngimda yongan chiroq menga hamma narsadan koʻra qimmatga tushgan. Bu davomli, beshafqat olishuv edi. Men hech kimda oʻzimga nisbatan achinish hissini uygʻotolmadim. Axir, doʻst orttirish uchun yoshlar bilan tanish boʻlmoq kerak, ular bilan talabalar boradigan joyga borib, mayxoʻrlik qilish uchun bisotingda bir necha su boʻlmogʻi lozim. Mening esa hech vaqom yoʻq edi! Ammo Parijda hech kim biror narsani tasavvur qilolmaydi. Qanaqa muhtojlikda yashayotganimni birovlarga hikoya qilib berishga toʻgʻri kelganda men koʻpincha tomogʻimga allanarsa tiqilib qolgandek, oʻzimni noqulay sezardim. Keyinchalik menga boy oilada tugʻilib, hech narsaga muhtoj boʻlmagan hamda bu masalaning uchlik qoidasidan bexabar kishilarni uchratishga toʻgʻri keldi: yosh yigitcha besh frankli chaqa ekyuga qanday munosabatda boʻlsa, jinoyatga oʻshanday munosabatda boʻlarkan. Ana shu boyvachcha ovsarlar menga: «Nega qarzga botib ketdingiz? Nega zimmangizga muncha mushkulotni oldingiz?», deyishardi.

Ular menga xalqning ochlikdan oʻlayotganini eshitib, nega u yogʻli nonlardan sotib olmaskan, deb soʻragan malikani eslatardi. Non topish uchun bosh va qoʻllardan boshqa na doʻstlari, na bir miri mablagʻi, na obroʻyi boʻlgan, Parijda tamoman yolgʻiz kun kechirayotgan, tagʻin jarrohlik uchun juda qimmat oladi deb shikoyat qilgan boylardan birortasini koʻrsam degandim! Uning holi ne kechardi? Oʻziga ovqat izlab qaerga borardi? Mening jahlim chiqqan va rahm-shafqatsiz kunlarim boʻlganini siz yaxshi bilasiz, Byanshon. Men bu bilan oqsuyaklar jamiyatiga xos boʻlgan yoshlikdagi beparvolik iztiroblari oʻsha kibru havo uchun oʻz-oʻzimdan qasos olardim; mening shuhratga erishish yoʻlidagi sa’y-harakatlarimga nafrat, hasad va boʻhtonning qanchalik gʻov boʻlganini eslardim. Parijda ayrim kishilar sizning endigina egarga oʻtirishga shaylanayotganingizni koʻrsa, birov kelib baringizdan tortadi, sizni yiqilib, boshi bilan yerga urilsin deb oʻshaning oʻzi ayilni boʻshatadi; boshqa birov esa otingizning tuyogʻidan taqasini sugʻuradi. Tagʻin oʻzgasi qamchiningizni oʻgʻirlaydi; eng rostgoʻyi — qoʻlidagi toʻpponchasi bilan sizni qoq manglayingizdan otmoqchi boʻladi. Azizim, sizda iste’dod bor, ammo hademay oʻrtamiyona zotlar oʻzlariga ustunlik qilayotganlarga nisbatan qanday dahshatli kurash olib borayotganini bilib olasiz.

Kechqurun siz yigirma besh luidor yutqazsangiz bormi, ertasiga sizni qimorbozlikda ayblaydilar, eng yaxshi doʻstlaringiz esa yigirma besh ming frank yutqazdi deb gap tarqatishadi. Boshingiz ogʻrisa bormi, sizni aqldan oza boshladi, deydilar. Mabodo ogʻzingizdan biror nojoʻya gap chiqib ketsa, naq shoʻrtumshuqqa chiqaradilar. Bordi-yu, siz ana shu olchoqlar toʻdasi bilan kurashga jahd qilsangiz, eng yaxshi doʻstlaringiz sizni hech kimni yoqtirmaydi, oʻzim boʻlsam deydi, deb dod solishadi. Xullasi kalom, sizning fazilatlaringiz kamchilik va nuqsonga, ezgu harakatlaringiz jinoyatga yoʻyiladi. Basharti, siz birovni qutqarishga muvaffaq boʻlsangiz, sizni qotilga chiqaradilar. Garchi bemor rosmana hayotga qaytgan boʻlsa-da, siz uni sun’iy yoʻl bilan tuzatgansiz, u kelajakda buning uchun jazosini tortadi, mabodo u hozir oʻlmagan boʻlsa, keyinroq oʻladi, deyishadi. Qoqilib ketsangiz bormi: «Yiqildi» deyishadi. Bordi-yu, biror narsani ixtiro qilib, oʻz huquqlaringizni himoya qilmoqchi boʻlsangiz, yoshlarning olgʻa intilishiga toʻsqinlik qiladi deydilar, mugʻambir degan nom chiqarasiz. Shunday qilib, doʻstim, modomiki xudoga ishonmas ekanman, demak, odamga ishonish toʻgʻrisida gapirmasa boʻladi. Mening tanimda qanchadan-qancha bema’ni gaplarga sabab boʻlgan, Deplenga mutlaqo oʻxshamagan Deplenning yashashini siz yaxshi bilasiz, axir. Oʻtgan ishga salavot. Shunday qilib, men birinchi imtihonga tayyorlanayotib, sariq chaqaga zor boʻlib, mana shu uyda yashardim va ishlardim. Bilasizmi, men sira ilojini topolmay «Askarlikka borganim boʻlsin» deya qaror qilgan kishi holatiga tushgan edim. Menda yakkayu yagona ilinj qolgan edi: «Men oʻsha oʻzim tugʻilgan shahardan Parij hayoti haqida mutlaqo tasavvurga ega boʻlmagan, oyiga oʻttiz frank olayotgan, jiyanining nuqul buldiriq goʻshti bilan kun kechirayotganiga qat’iy ishongan, endi boʻlsa uning ust-boshi haqida gʻamxoʻrlik qilayotgan keksa qishloqi xolalarimning sovgʻasi bir chamadon ichki kiyimni olishim lozim edi. Chamadon men uyda boʻlmagan paytda kelgan ekan, men universitetda edim: ma’lum boʻlishicha, kira haqi qirq frank turarkan. Zinapoya tagidagi hujrada turuvchi darvozabon etikdoʻz nemis oʻsha qirq frankni toʻlab, chamadonni olib qolgan ekan. Qanday qilib oldindan kira haqini toʻlamay chamadonimni qoʻlga kiritish haqida bosh qotirib, Fosse-Sen-Jermen-de-Pre va Tibbiyot fakulteti koʻchasi boʻylab uzoq vaqt sanqib yurdim, holbuki, men ichki kiyimimni sotib ham kira pulini toʻlashim mumkin edi. Mening befahmligim, birdan-bir iste’dodim, jarrohlik ekanini yaqqol koʻrsatdi. Doʻstim, nozik qalb egalari, birmuncha yuksak doirada faoliyat koʻrsatish uchun tugʻilgan iqtidorli kishilar koʻpincha bachkana odamlarga xos hiyla-nayrang, topqirlik, chapdastlik kabi xususiyatlardan mahrum boʻlishadi: bu taxlit moʻmin-qobil daholar homiysi — tasodif, ular izlamaydi, ular topadi.

Men uyga kechroq qaytdim; sen-fluralik Burja ismli meshkobchi qoʻshnim ham shu paytda qaytgan edi. Bizlar shunchaki devor-dormiyon qoʻshniday bir-birining uxlayotganini, yoʻtalayotganini, kiyinishlarini eshitib turadigan, pirovardida bir-biriga oʻrganib qolgan tanish edik. Qoʻshnim xoʻjayin meni ijara haqini uch marta orqaga surganim uchun haydamoqchi ekanini aytdi; men ertasigayoq joʻnab qolishim darkor edi. Ma’lum boʻlishicha, xoʻjayin koʻshnimni ham kasbi ma’qul boʻlmaganidan koʻchib ketishga majbur qilayotganmish. Men hayotimdagi eng mashaqqatli tunni oʻtkazdim. Arzimas uy anjomlari va kitoblarimni olib chiqish uchun hammolni qaydan topaman? Hammol va darvozabonga qaerdan pul toʻlayman? Qaerga borib bosh ursam ekan? Unsiz yigʻlarkanman, telbalarcha oʻz-oʻzimga faqat shu savollarni berardim. Oxiri uxlab qoldim. Muhtojlikda kishiga turfa tushlar baxsh etuvchi uyqu hamdard boʻladi. Ertasiga ertalab nonimni suvga botirib tamaddi qilayotganimda xonamga Burja kirib keldi.
— Janob talaba, — dedi u menga baland ovoz bilan, — men bir bechora, tashlandiq bola edim, Sen-Flurada panoh topib oʻsdim, na otam, na onamni bilaman. Bunaqa bisotim bilan uylanishim mumkin emas. Sizning ham jonkuyarlaringiz uncha koʻp emas, molu davlatingiz ham yoʻq hisobi. Gapimga quloq soling: pastda mening qoʻl aravacham turibdi, uni har soatiga ikki su kira haqi berish sharti bilan ijaraga olaman; unga hamma anjomlarimizni joylashtirsa boʻladi. Modomiki, bizni bu yerdan haydab chiqarishgan ekan, xohlasangiz turar joyni birga qidiramiz. Bu yer ham aytgulik jannatmakon joy emas-ku, axir.
— Bilaman, qadrdonim Burja, — dedim men, — lekin bir narsa xalal beryapti; pastda ekyu turadigan ichki kiyimlarim bor, oʻsha puldan uy haqini ham, darvozabonga toʻlanadigan qarzni ham toʻlashim mumkin edi. Biroq choʻntagimda sariq chaqa ham yoʻq.
— Yaxshi! Mening biroz tanga pulim bor, — javob berdi Burja menga oʻzining eskirgan va yogʻ bosgan charm hamyonini salmoqlab koʻrsatarkan. — Ichki kiyimingiz oʻzingizga kerak boʻladi.

Burja mening xonam uchun ham, oʻz xonasi uchun ham toʻladi, darvozabonning qirq frankini ham berib qoʻydi. Keyin u koʻch-koʻronimizni va mening koʻylaklarim joylashgan chamadonni aravachaga yukladi-da, uni koʻchalardan gʻildiratib ketdi, xonalar ijaraga berilishi haqida e’lon yopishtirilgan uylar oldidagina toʻxtardi, xolos. Men boʻlsam oʻsha uylarning har biriga kirib chiqar va ijaraga beriladigan xonani koʻzdan kechirardim. Tush boʻlib qoldi, ammo bizlar hamon boshpana izlab Lotin mahallasida behuda sanqirdik. Qayga bormaylik, ijara haqi oyoqdan olardi. Burja meni vino doʻkoniga taklif etdi. Aravani eshik oldida qoldirdik. Kechga yaqin Rogan koʻchasining tijorat muyulishida men bir uyning eng soʻnggi qavatida zinapoya maydonchasi bilan bir-biridan ajratilgan ikkita xona topdim. Oʻshalarni ijaraga oldik. Har birimiz yiliga oltmish frankdan ijara haqi beradigan boʻldik. Endi menda ham, doʻstimda ham boshpana bor edi. Birga tushlik qildik. Burja bir kunda ellik sugacha topar edi. Uning yuz ekyuga yaqin puli bor edi. Burja ot va bochka sotib olishdek orzuni amalga oshirish arafasida edi. U mugʻambirona oʻsmoqchilab, mening barcha sir-asrorimdan voqif boʻlib oldi, qanday ahvolda ekanligimni bilib olgach, bir umrlik ezgu orzusidan vaqtincha voz kechdi, ana shuni eslasam, hanuzgacha butun vujudimni hayajon bosadi. Burja yigirma ikki yil suv tashidi, lekin u oʻzining yuz ekyusini mening kelajagim uchun qurbon qildi.

Shunda Deplen Byanshonning qoʻlini qattiq siqib qoʻydi.
— U oʻsha pullarni menga berdi, ular mening imtihonga tayyorgarlik koʻrishim uchun gʻoyat zarur edi! Doʻstim, bu odam hayotdagi burchimni, mening aqlu zakovatim, ehtiyojimning uning ehtiyojlaridan muhim ekanligini fahmladi. U menga gʻamxoʻrlik qilar, meni «oʻgʻilcham» deb atar, kitob sotib olishim uchun pul qarz berar, ba’zan esa qanday ishlayotganimni koʻrish uchun sekingina xonamga kirib kelar edi. Nihoyat, u menga onalarcha mushfiqlik koʻrsatib, men mahkum etilgan oʻsha qashshoqlik va maza-matrasiz yemakni foydali va toʻkin ovqatga almashtirish imkonini berdi. Burjaning yoshi qirqlarda edi. Uning aft-angori oʻrta asrlardagi shaharlikni eslatardi, manglayi boʻrtib chiqqan, rassom unga qarab bemalol Likurgni[7] chizishi mumkin edi. Boyoqish yuragida yigʻilib qolgan mehrni kimga izhor etishni bilmasdi. Hayotida unga mehr qoʻygan yagona jonzot bundan sal ilgari oʻlgan baroq iti edi; Burja menga oʻz barogʻi haqida toʻxtovsiz gapirar, cherkov unga janoza oʻqish uchun ijozat bermasmikan, bu toʻgʻrisida mening fikrim qandayligini bilmoqchi boʻlardi. Uning soʻzlariga koʻra, bu baroq it haqiqiy nasroniy boʻlib, oʻn ikki oy mobaynida Burja bilan cherkovga borgan, u yerda hech qachon hurmagan, jim turib organ ovozini tinglagan, xuddi xoʻjayini bilan ibodat qilgandek u bilan yonma-yon oʻtirgan. Bu odam yolgʻizligimni, iztiroblarimni tushunib, butun mehru sadoqatini menga qaratdi, uning qoʻlidan keladigan narsa shu edi, zotan. U men uchun eng mehribon ona, hech qachon birovga ziyon-zahmat yetkazmaydigan eng ardoqli va fazilatli kishi boʻlib qoldi. Gapning loʻndasini aytganda, u ezgulik timsoli boʻlib qoldi, oʻzi bunyod etayotgan yaxshilikdan qoniqish hosil qilgan odam edi. Men Burjani har gal koʻchada uchratganimda, u menga aql bovar qilmaydigan olijanoblik bilan farosatli nigoh tashlar edi; u yelkasida yuki yoʻq kishiday qomatini tik tutib yurishga intilardi; meni sogʻlom va yaxshi kiyingan holda koʻrganidan oʻzini baxtli his etayotganga oʻxshardi. Bu bir jihatdan oddiy kishining fidoyiligi boʻlsa, ikkinchidan, birmuncha yuqori muhitga koʻchirilgan yengiltak qizning muhabbati edi. Burja mening barcha topshiriqlarimni bajarar, meni belgilangan soatda uygʻotar, chirogʻimni tozalab qoʻyar, zinapoyamiz maydonini supurib-sidirar edi; u pokizaligi bilan har qanday ingliz oqsoch ayoli bilan bahslashishi mumkin edi.

Bizning butun xoʻjaligimiz uning gardanida edi. Filopemen[8] ga oʻxshab yogʻoch ham arralardi. Mehnat oʻz oldiga qoʻygan maqsadini takomillashtirganini anglaganday, u hamma narsani joʻngina, ammo qoyilmaqom qilib ado etardi. Otel-De klinikasiga assistent-amaliyotchi boʻlib ishga kirganimda Burja bilan ajralishga toʻgʻri keldi, chunki men klinika qoshida yashashim darkor edi. U chuqur gʻamga botardi, lekin mening dissertatsiya ustida ishlayotganimda talab qilinadigan xarajatlar uchun pul yigʻayotgani uchun oʻzini yupatar va boʻsh vaqtlarimda unikiga borib turishimni iltimos qilar edi.

Burja men bilan faxrlanar va jon-dildan yaxshi koʻrardi. Agar siz mening dissertatsiyamni izlab topsangiz edi, uning Burjaga bagʻishlanganini koʻrgan boʻlardingiz. Shifoxonada ishlash muddatimning soʻnggi yilida unga ot bilan bochka sotib olish va bu mard overnalikning qarzini uzishga yetadigan darajada mablagʻga ega edim. Men unga pullarimni sarflaganimni bilgach, rosa jigʻibiyron boʻldi, shunga qaramasdan xoʻp suyundi, uning eng ezgu orzusi ushalgan edi-da, axir. U kuldi va meni koyib qoʻydi; u oʻzining bochkasiga, oʻz otiga qarar va koʻz yoshlarini artarkan, dedi: «Yaxshi emas! Qanday ajoyib bochka! Lekin siz bunday qilmasligingiz kerak edi... Oʻzi ham ketvorgan ot ekan, naq overna zotiga oʻxshaydi».

Kishi koʻnglini eritadigan voqeani sira koʻrmaganman. Mening qarshilik qilishimga qaramasdan, Burja men uchun eng qimmatbaho narsa, siz xonamda koʻrgan — Gʻilofiga kumushdan sayqal berilgan jarrohlik asboblari toʻplamini, albatta, sotib olish istagini bildirdi. U men dastlabki muvaffaqiyatlarimdan oʻzida yoʻq shod edi, lekin uning «uni men odam qildim» deganini, hatto bunga ishora ham qilmagan. Gapning ochigʻini aytganda, u boʻlmaganda muhtojlik hayotimga zomin boʻlgan boʻlar edi-ku, axir. Boyaqish hayotini men uchun qurbon etdi: ma’lum boʻlishicha, u tungi mashgʻulotlarimni deb men uchun qahva sotib olarkan-da, oʻzi nonga sarimsoq surtib yer ekan. U kasal boʻlib qoldi. Tunlarni uning boshida oʻtkazganimni aytib oʻtirmasam ham boʻladi. Umrimda birinchi bor uni saqlab qolishga muyassar boʻldim. Lekin ikki yil oʻtgach, kasallik yana qaytaladi, qanchalik tirishib parvarish qilmaylik, tabobatdagi barcha vositalarni ishga solmaylik, Burja vafot etdi. Birorta qirol ham bunchalik parvarish qilinmagan boʻlsa kerak. Ha, Byanshon, bu hayotni oʻlim changalidan tortib olish uchun misli koʻrilmagan darajada harakat qildim. Uning oʻzi amalga oshirgan ishlarini koʻrish imkoniyatiga ega boʻlishini istagandim; uning barcha istaklarini ijro etsam degandim, hayotimda shu paytgacha sira takrorlanmagan, qalbimni batamom chulgʻagan, tashakkur tuygʻusini izhor etishni nihoyasiga yetkazishni istagandim, hanuzgacha meni yondirib kelayotgan oʻtni oʻchirmoqchi edim!
— Mening ikkinchi otam Burja oʻz qoʻlimda jon berdi, — deya davom etdi Deplen ozgina sukut saqlagach, uning hayajonlangani shundoqqina bilinib turardi. — U qoldirgan vasiyatnomaga binoan, barcha molu-mulki menga oʻtmogʻi darkor edi; bu vasiyatnomani unga har xil xujjatlar tuzish idorasida yozib berishgan ekan, unda ikkalamiz Rogan koʻchasiga birga koʻchib borgan yil qayd qilingan edi. Unda sofdil dindor kishining timsoli mujassamlashgan edi. Bibi Maryamni shunday sevar ediki, kishi ma’shuqasini shunday sevishi mumkin, xolos. Garchi, u ehtirosli dindor katolik boʻlsa-da, mening dahriyligim haqida lom-mim demagan edi. Kasalligi xatarli tus olganda u mendan oʻzi uchun cherkov yordamini uyushtirishda hech narsani ayamaslikni iltimos qilgan edi. Men uning uchun kuniga ikki martadan duoi fotiha oʻqishni buyurtma qildim. U kechalari tez-tez oʻzining oxiratdagi qismatidan qoʻrqayotganini hikoya qilardi: unga hayoti uncha taqvodorlik bilan oʻtmaganga oʻxshab koʻrinardi. Boyaqish! U ertadan-kechgacha mehnat qilardi. Agar bordi-yu, behisht bor boʻlsa, unga bu kishidan boshqa kim ham munosib boʻlishi mumkin? U avliyo sifatida cherkovning soʻnggi xayrbodini qabul qilgan edi (u chindan ham avliyo edi); uning oʻlimi hayotiga mos edi: Burjaning tobuti ortidan faqat bir kishi borardi: bu men edim. Yakkayu yagona valine’matimni dafn etgach, menga qilgan yaxshiliklari evaziga nima qilsam ekan, deb oʻylardim. Uning na oilasi, na doʻstlari, na xotini, na bolalari bor edi. Lekin u dindor edi, unda diniy e’tiqod mavjud edi, buning uchun u bilan bahslashishga haqqim bormidi? U bir kuni menga qoʻrqa-pisa boʻlajak duoi-ibodat haqida yorilgan edi; qilgan yordamini pesh qilmaslik uchun u mening zimmamga bunday majburiyatni yuklamoqchi emasdi. Dastlabki imkoniyat tugʻilganda men avliyo Sulptsiy cherkoviga kerakli miqdorda pul toʻplab, bir yilda toʻrt bor oxirat ibodatini buyurtma qildim. Burja uchun amalga oshiriladigan yagona narsa — uning taqvodorlik istagini bajo keltirish. Shu boisdan bir yilda toʻrt marta — koʻklam, yoz, kuz va qishda cherkovga kelaman va shakkokka xos samimiyat bilan deyman: «Yo xudovandi karim, tasarrufotingda oʻlgandan soʻng taqvodor kishilar yigʻiladigan maskan boʻlsa, moʻmin-qobil Burjani unutma, agar u azob-uqubatni boshidan kechirmogʻi kerak boʻlsa, oʻsha musibatlarni mening gardanimga yukla, toki u tezda jannat atalmish ma’voga erishgay». Mana, azizim, fikrlash tarzi menikidek kishining qarori shunday boʻladi. Qasamyod etamanki, Burjaning e’tiqodi mening miyamda qaror topsaydi, bor-bisotimni bergan boʻlur edim.

Deplenni soʻnggi marta davolagan Byanshon mashhur jarrohni dahriy sifatida vafot etgan deb aytishga botinolmaydi. Nahotki, bir vaqtlar peshtoqiga «Buyuk odamlar uchun umidbaxsh diyor» degan soʻzlar yozilgan oʻsha zaminiy ma’bad qopqalarini ochgan kishiga royish overnalik jannat qopqalarini ochmagan boʻlsa? Ha ochgan — aynan shunday deb oʻylash dindorlar uchun quvonchli emasmi, axir?!

Parij 1836 yil, yanvar
Администратор и программист www.samdchti.uz
Аватар пользователя
azamat
Администратор
 
Сообщений: 88
Зарегистрирован: 13 янв 2014, 08:38
Откуда: from home
Имя: Azamat
Фамилия: Razakov
Статус: другой

Вернуться в Faxriy ustozlar

Кто сейчас на форуме

Сейчас этот форум просматривают: нет зарегистрированных пользователей и гости: 1