Joriy yilning 19 noyabr kuni Yaponiya JICA tashkilotining Bosh idorasi Osiyo-Tinch okeani mintaqalari bo’yicha ko’ngillilar dasturi departamenti rahbari muovinlari Kumugai Masata, Yamaguchi Yoriko, mutaxassis Fujita Eri hamda JICA tashkilotining O’zbekiston, Qirg’iziston va Mug’uliston davlatlari bo’yicha ko’ngillilar koordinatorlaridan iborat delegatisya Samarqand davlat chet tillar institutiga tashrif buyurdi. Tashrifdan ko’zlangan maqsad institut bilan yaqindan tanishish, institutda JICA tomonidan yuborilgan ko’ngillilar faoliyati bilan yaqindan tanishish hamda institutda yapon tili o’qitilishini takomillashtirish borasida kelgusida amalga oshirilishi lozim bo’lgan rejalar tuzib olishdan iborat bo’di.
Yaponiyalik mehmonlarni institut rektori G’.Rahimov kutib oldi, ularni institut va uning faoliyati, yapon tili yo’nalishining so’nggi yillarda qo’lga kiritgan yutuqlari bilan yaqindan tanishtirdi. Yaponiyaning JICA tashkiloti bir necha yillardan buyon ta’lim-fan va madaniyat sohalarida O’zbekiston-Yaponiya hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga o’z hissasini qo’shib kelayotgan tashkilotlardan biri ekanligini ta’kidladi.
JICA tashkiloti vakillari yapon tilidan dars beruvchi ko’ngillilarni ko’paytirish bilan bir qatorda, institut bilan nafaqat ta’lim, balki madaniyat va ilmiy sohalarda ham hamkorlikni yanada rivojlantirish, kutubxona fondini boyitishda ham ko’maklashish niyatini bildirdi.


